04/06/2026
Xulq-atvor iqtisodiyotida “nudge” nima?
Insonlar nega har doim ham oqilona (ratsional ) qaror qabul qilmaydi va nudgelar ularning xatti-harakatlarini qanday o‘zgartiradi?

Xulq-atvor iqtisodiyotida “nudge” nima?
Xulq-atvor iqtisodiyotida “nudge” (turtki) — bu odamlarning tanlovlarini ma'lum bir qarorga yo‘naltirish uchun tanlov muhitini tashkil etish usulidir.
Masalan, maktab oshxonasida mevalarni ko‘zga yaqin joyga yoki kassaning yoniga qo‘yish o‘quvchilarni sog‘lomroq ovqat tanlashga undaydigan nudge hisoblanadi.
Nudgelarning eng muhim jihati shundaki, ular majburlovchi emas. Masalan, zararli ovqatlarni taqiqlash yoki sog‘lom bo‘lmagan tanlov qilganlarni jazolash nudge hisoblanmaydi.
Richard Talerning nudgelar haqidagi g‘oyalari uning 2008-yilda sobiq huquqshunos olim Cass Sunstein bilan birga yozgan Nudge: Improving Decisions about Health, Wealth, and Happiness kitobi orqali mashhur bo‘ldi. Keyinchalik ko‘plab kompaniyalar va hukumatlar, jumladan AQSh hukumati ham, bu g‘oyalarni amaliy siyosatga tatbiq etdilar.
Masalan, xodimlarni pensiya jamg‘armasi (401(k)) dasturlariga avtomatik ravishda ro‘yxatdan o‘tkazish va ularga xohlasalar chiqib ketish imkoniyatini berish — odamlarni pensiya uchun muntazam jamg‘arishga undovchi nudge hisoblanadi.
Yana bir misol — haydovchilik guvohnomasi uchun ro‘yxatdan o‘tayotgan fuqarolardan organ donorligiga rozilik berish yoki bermaslikni ko‘rsatishni talab qilish. Bu ham organ donorligini rag‘batlantirishga qaratilgan nudge hisoblanadi.
Taler va Sunstein nudgelar asosida tashkil qilingan tizimni “libertarian paternalizm” deb atashadi:
- Libertarian (erkinlik tarafdori) — chunki insonning tanlash huquqi saqlanib qoladi.
- Paternalistik — chunki tizim ma'lum bir foydali xatti-harakatni rag‘batlantiradi.
Talerning mashhur iborasi:
“Agar odamlar biror ishni qilishini istasangiz, uni oson qiling.”
Xulq-atvor iqtisodiyoti atamalari
1. Availability Heuristic (Mavjudlik evristikasi)
Bu tushuncha odamlar biror hodisaning ehtimolini baholashda haqiqiy statistik ma'lumotlarga emas, balki eslariga oson tushadigan misollarga tayanishini anglatadi.
Masalan, agar inson yaqinda akula yoki ayiq hujumi haqidagi yangilikni o‘qigan bo‘lsa, bunday hodisalar tez-tez sodir bo‘ladi deb o‘ylashi mumkin. Aslida esa bunday voqealar juda kam uchraydi.
2. Bounded Rationality (Cheklangan ratsionallik)
Bu g‘oya shuni ta'kidlaydiki, odamlarning:
- bilimlari,
- ma'lumotlari,
- vaqtlari,
- fikrlash imkoniyatlari
cheklangan bo‘ladi. Shu sababli ular har doim ham iqtisodchilar nazarida eng to‘g‘ri qarorni qabul qilmaydilar.
Bunga sabab:
- yangi ma'lumotlarni tez tahlil qila olmaslik;
- ma'lumotlarni e'tiborsiz qoldirib, “ichki sezgi”ga tayanish;
- barcha variantlarni chuqur o‘rganish uchun vaqt yetishmasligi bo‘lishi mumkin.
Bu atama 1955-yilda Nobel mukofoti sovrindori Herbert A. Simon tomonidan kiritilgan.
3. Bounded Self-Interest (Cheklangan shaxsiy manfaat)
Bu nazariya odamlar ba'zan boshqalarga yordam berish uchun o‘z manfaatlaridan qisman voz kechishini anglatadi.
Masalan:
- xayriya qilish;
- ko‘ngillilik (volontyorlik) faoliyatida qatnashish.
An'anaviy iqtisodiyot odamlar asosan o‘z manfaatlari uchun harakat qiladi deb hisoblaydi, ammo real hayotda odamlar begona insonlarga ham yordam beradilar.
4. Bounded Willpower (Cheklangan iroda kuchi)
Bu tushuncha shuni anglatadiki, odamlar optimal qarorni bilsalar ham, ko‘pincha uzoq muddatli manfaatdan ko‘ra qisqa muddatli qulaylikni tanlaydilar.
Masalan, jismoniy mashqlar sog‘liq uchun foydali ekanligini bilsak ham:
“Mashq qilishni ertadan boshlayman.”
deb uni kechiktirib yurishimiz mumkin.
5. Loss Aversion (Yo‘qotishdan qochish)
Bu nazariyaga ko‘ra, odamlar yo‘qotishlarni yutuqlarga qaraganda kuchliroq his qiladilar.
Masalan:
- 100 dollar yo‘qotishning salbiy hissi,
- 100 dollar topishning ijobiy hissidan kuchliroq bo‘lishi mumkin.
6. Prospect Theory (Istiqbol nazariyasi)
Bu nazariya Daniel Kahneman va Amos Tversky tomonidan 1979-yilda ishlab chiqilgan.
Ular odamlarning turli yutuq va yo‘qotishlarga oid vaziyatlarda qanday qaror qabul qilishini o‘rgandilar va insonlarning iqtisodiy xatti-harakatlarini tavsifladilar.
Loss aversion (yo‘qotishdan qochish) ushbu nazariyaning asosiy elementlaridan biridir.
7. Sunk-Cost Fallacy (Cho‘kkan xarajatlar xatosi)
Bu odamlarning muvaffaqiyatsiz loyiha yoki qarorga investitsiya qilishni davom ettirishi holatini anglatadi, chunki ular allaqachon unga ko‘p mablag‘ yoki vaqt sarflagan bo‘ladilar.
Natijada ular ko‘proq zarar ko‘rish xavfiga qaramay, loyihani tark etishni istamaydilar.
Misol:
Biror biznesga 10 000 dollar sarfladingiz. Biznes muvaffaqiyatsiz ketayotganini bilsangiz ham:
“Shuncha pul sarfladim-ku, davom ettiraman.”
deb yana mablag‘ tikishingiz mumkin.
8. Mental Accounting (Mental hisob-kitob)
Bu nazariyaga ko‘ra, odamlar pulni uning manbasi yoki vaziyatiga qarab turlicha qabul qiladilar.
Masalan, benzin narxi tushib qolsa, odamlar tejalgan pulni yig‘ib qo‘yish o‘rniga qimmatroq premium benzin sotib olishlari mumkin.
Natijada ular avvalgidek pul sarflashda davom etadilar, garchi aslida tejash imkoniyati mavjud bo‘lsa ham.
Tarjimon: Dilshodjon Hamidullayev
Tahrirchi: Umid Abdumuratov
Manbaa: The university of Chicago
