Evrilish

Zamon bilan birga o‘zingizni ham yangilang.

Mavzular

  • Iqtisod
  • Texnologiya
  • Biznes
  • Sog'liq
  • Falsafa
  • Siyosat
  • Tarix
  • Boshqa

Yozuvchilar

  • Studiya

Loyiha

  • Biz haqimizda
  • Bizning jamoa
  • Biz bilan bog'lanish

Ijtimoiy tarmoqlar

  • Telegram
  • Instagram
  • Youtube
  • Linkedin

© 2025 Evrilish. Barcha huquqlar himoyalangan.

Developed by Sodiq Tech

Siyosat

28/08/2025

Urush san’ati

Hurmatli hurmatsizlar, siz siyosiy nazariyalar parkiga yetib keldingiz. Chap tomonda urush va qon, o‘ng tomonda esa diplomatiya va tinchlik attraksioni. O’zingizni ehtiyot qiling!

urush san'ati

Xitoyda osoyishta va farovon davr – ya’ni “Bahor va Kuz davri” (Spring and Autumn period) yakuniga yetib qolayotgan edi. Bu davrda faylasuflar gullab-yashnadi. Ularning ko‘p fikrlari axloqiy falsafa va etika (odamning to‘g‘ri xulqi haqidagi ta’limot) atrofida bo‘ldi. Siyosiy falsafada ham davlat ichki ishlarini qanday qilib axloqan to‘g‘ritashkil etish kerakligi muhokama qilindi. Bu yo‘nalishning cho‘qqisi — Konfutsiyning qadimiy qadriyatlarni tartibli jamiyatga qo‘shib, ularni olimlar byurokratiyasi (scholars bureaucracy – olimlar boshqaruvi) orqali boshqariladigan podshohlik tizimiga aylantirgan g‘oyalari bo‘ldi.

Ammo “Bahor va Kuz davri” oxiriga kelib, davlatlar barqarorligi zaiflashdi. Aholi ko‘paygani sari turli davlatlar o‘rtasidagi taranglik kuchaydi. Endi hukmdorlar faqat ichki boshqaruvni emas, balki tashqi hujumlardan himoyalanishni ham o‘ylashga majbur bo‘ldilar.


Harbiy strategiya (urush rejalashtirish san’ati)

Shunday vaziyatda harbiy maslahatchilar ham davlat byurokratlari kabi muhim bo‘lib qoldi. Harbiy strategiya asta-sekin siyosiy tafakkurga ham ta’sir qila boshladi. Bu mavzudagi eng mashhur asar — “Urush san’ati” (The Art of War)bo‘lib, u Sun Tzu ismli sarkarda (general) tomonidan yozilgan deb hisoblanadi. U Vu podshosining qo‘shinida xizmat qilgan.

Kitob quyidagi so‘zlar bilan boshlanadi:

“Urush san’ati davlat uchun nihoyatda muhimdir. Bu – hayot va o‘lim masalasi, xavfsizlik yoki halokat yo‘li. Shuning uchun bu masalani hech qachon e’tiborsiz qoldirish mumkin emas.”(Ma’nosi: davlatning taqdiri ko‘p jihatdan urushni qanday olib borishga bog‘liq, shuning uchun uni o‘rganish eng zarur vazifa.)

Bu o‘sha davr siyosiy falsafasidan keskin farq qilardi. Sun Tzu birinchi bo‘lib ochiq-oydin aytdiki: urush va harbiy razvedka (razvedka = dushman haqida maxfiy ma’lumot to‘plash) — davlatning eng muhim ishlari qatoriga kiradi.

Davlat va urush

“Urush san’ati” asarida davlatning farovonligini saqlash va himoya qilish masalalari amaliy tarzda yoritilgan. Oldingi faylasuflar jamiyatning ichki tuzilishiga ko‘proq e’tibor bergan bo‘lsa, Sun Tzu xalqaro munosabatlar (davlatlararo aloqalar) va urushga tayyorgarlikni asosiy mavzu qildi.

U “urush tamoyillari” ro‘yxatini beradi. Unda:

  • iqlim (ob-havo),
  • hudud (geografiya, joylashuv),
  • hukmdorning axloqiy ta’siri (xalqni ishontira olish qobiliyati),
  • sarkardaning mahorati,
  • qo‘shin ichidagi tartib-intizom

kabi omillar keltirilgan.

Bu tamoyillar ichida ham ko‘rinib turibdiki, Sun Tzu ham jamiyat kabi qo‘shinni ham ierarxiya (yuqoridan pastga bo‘ysunish tizimi) asosida ko‘rgan: eng tepada hukmdor, uning yonida maslahatchi general, undan keyin oddiy askarlar.

Hukmdor va generalning roli

Sun Tzu nazarida hukmdorning vazifasi — axloqiy yetakchilik qilish. Odamlar urushga kirishishi uchun ular o‘z ishlarining adolatli ekaniga ishontirilishi kerak. Hukmdor namuna bo‘lib yetakchilik qilishi zarur. (Bu fikr Konfutsiy ta’limotiga juda o‘xshaydi.)

General esa davlatning asosiy tayanchisi sifatida tasvirlanadi. Uning bilim va tajribasi hukmdorga maslahat berishda ham, qo‘shin boshqarishda ham hal qiluvchi rol o‘ynaydi. U:

  • qo‘shinning ta’minoti (logistika),
  • askarlarni tayyorlash,
  • intizomni nazorat qilish

ishlarini boshqaradi. Sun Tzu qat’iy intizom tarafdori edi: itoatsizlikka qattiq jazolar belgilanishi kerak, lekin shu bilan birga mukofot va jazolar adolatli va barqaror qo‘llanilishi zarur.

Qachon jang qilish kerak?

Sun Tzu fikricha, urush doimo oxirgi chora bo‘lishi kerak. Yaxshi general jang qilish kerak bo‘lgan vaqtni bilishi va kerak bo‘lmaganda sabr qilishi lozim. Dushmanni qurolsiz ham yengish mumkin, masalan:

  • Dushman rejalarini buzish,
  • Hujumni oldindan to‘xtatish,
  • Faqat zarurat bo‘lsa hujum qilish.

Uningcha, urush ikki tomon uchun ham zararli. Shuning uchun kuchli mudofaa va qo‘shnilar bilan ittifoq tuzish — eng oqilona yo‘l.

Sun Tzu ogohlantiradiki: uzoq davom etgan urushlar, ayniqsa qal’alarni qamal qilish, juda katta resurs va odamlarni talab qiladi. Natijada g‘alabaning foydasidan ko‘ra zarari ko‘proq bo‘lib qolishi mumkin. Bu esa xalqning hukmdorga bo‘lgan ishonchi va sadoqatini susaytiradi.

Harbiy razvedka va hiyla

Sun Tzu ta’kidlashicha, barqaror xalqaro munosabatlarning kaliti — razvedkadir. Spionlar (josuslar) dushmanning kuchi va niyatlari haqida axborot to‘playdi. Shu ma’lumotlar asosida general hukmdorga maslahat beradi: jang qilish kerakmi yoki yo‘q.

Shuningdek, u aldov (deception) usullarining muhimligini ham yozadi.

Uning mashhur so‘zlari:

“Agar sen ham o‘zingni, ham dushmanni bilsang, yuz marta jang qilib ham xavfga duch kelmaysan.”(Ma’nosi: haqiqiy kuch – o‘zingning imkoniyatlaringni va dushmanning imkoniyatlarini to‘g‘ri baholashdadir. Shunda urushsiz ham g‘alaba qozonish mumkin.)


Tarjimon: Abdurahmon Anvarxo'jayev
Tahrirchi: Dilshodjon Hamidullayev
Manbaa: The politics book