29/08/2025
Nega odamlar Anime’ni yaxshi ko‘radi
Kimdandir “Nega anime yoqadi?” deb so‘rasangiz, o‘n xil javob olishingiz mumkin. Kimdir hikoyalar haqida gapiradi — do‘stlik, xiyonat va kechirim haqidagi epik syujetlar. Boshqalar esa san’at haqida — ranglar, qahramon dizaynlari, va mayda detallar. Yana shundaylar ham borki, ular buni tushuntira olmaydi. Shunchaki: “Anime boshqacha ta’sir qiladi”, deyishadi.

Multfilmdan ko‘ra ko‘proq
Avval tushunish kerak bo‘lgan narsa shuki, anime “oddiy multfilm” emas. Bu ibora muxlislarni ranjitadi. G‘arb tomoshabinlarining ko‘pchiligi uchun multfilmlar bolalik bilan bog‘liq — yorqin ranglar, kulgili hazillar, slapstik (hatti-harakat komediyasi). Anime esa butun hissiy spektrni qamrab oladi.
Ha, unda ”K-On!” yoki “Pokemon” kabi yengil komediyalar bor. Ammo “Your Lie in April” kabi fojeaviy shoh asarlar ham bor, u yerda o‘spirin pianinochi sevib qoladi, lekin oxir-oqibat hammasidan ayriladi. Yoki ”Death Note’’dagi psixologik trillerlar, “Neon Genesis Evangelion’’dagi falsafiy sayohatlar va oddiy hayotiy dramatik voqealar — o‘smirlikning sokin g‘amginligini aks ettiradi.
Anime bitta qolipga sig‘maydi. U animatsiya faqat bolalar uchun degan emas. Aksincha, uni cheksiz imkoniyatli tuval sifatida ko‘radi — u bolalikning beg‘uborligi haqida ham, kattalarning eng qorong‘u qiyinchiliklari haqida ham hikoya qila oladi.
Shu ochiqlik tufayli anime juda xilma-xil. U turli janr, kayfiyat va tomoshabinlarni qabul qiladi. Bu esa noyob narsani yaratadi: turli yosh, madaniyat va kelib chiqishdagi odamlar o‘ziga mos keladigan narsani topa oladigan bir maydon.
Og‘riqdan qo‘rqmaydigan hikoyachilik
Odamlar anime’ni sevishining bir sababi — uning tuyg’ularda samimiyligidir. G‘arbiy ommaviy mediadan farqli ravishda, anime sekinlikdan, sukunatdan, hatto umidsizlikdan ham qo‘rqmaydi.
Masalan, “Grave of the Fireflies”. Bu shunchaki Ikkinchi Jahon urushi haqidagi film emas — bu ikki bolaning ochlikdan asta-sekin o‘lishi haqida. Og‘ir, iztirobli. Shunga qaramay, millionlab odamlar uni eng go‘zal filmlardan biri deb hisoblaydi. Nega? Chunki u haqiqatdan qochmaydi va azob-uqubat ham inson hayotining bir qismi ekanini tan oladi.
Anime ko‘pincha yolg‘izlik, mavjudlik iztiroblari yoki hatto ruhiy kasalliklarni yoritadi. “March Comes in Like a Lion’’da bosh qahramon tushkunlik va yolg’izlik bilan kurashadi, lekin asta-sekin jamiyat va aloqa orqali shifo topadi. Tomoshabinlar o‘zini shu nuqsonli, sindirilgan, ammo yashashga intilayotgan qahramonlarda ko‘rishadi. Bu qochish emas — tan olishdir.
Tasavvur san’ati
Anime’ning jozibasi yana uning san’atida. Animatsiya hikoyachilikni jismoniy reallik chegaralaridan ozod qiladi. “Dragon Ball Z’’dagi jang sahnalari tortishish qonunlariga bo‘ysunmaydi. “Spirited Away’’dagi ruhlar dunyosi hech qachon ko‘rmagan narsamiz bo‘lishi mumkin.
Ammo anime faqat tomosha emas. Ko‘pincha uning eng kuchli lahzalari eng kichik detallarda yashirinadi. Clannad’dagi sakura gullarining mayin to‘kilishi. Anohana’dagi yoz oqshomlarida chigirtka chirqillashi. Poyezd oynasidan tashqariga qarab jim o‘tirgan qahramon manzarasi. Bunday mayda detallar “mono no aware” deb ataladigan tushunchani uyg‘otadi — hayotning o‘tkinchiligi haqidagi achchiq-shirin haqiqatlar.
Shu uyg‘unlik — bir tomondan cheksiz tasavvur, ikkinchi tomondan kundalik hayotning nozik she’riyati — anime’ga o‘ziga xos estetika beradi. U ham tomoshaviy, ham samimiydir.
Qahramonlar orqali o‘zini ko‘rish
Anime’ni odamlar shaxsiy darajada his qiladi. Qahramonlar ko‘pincha haqiqiy odamlardan ham yaqinroq tuyuladi.
Anime’dagi bosh qahramonlar mukammal qahramonlar emas. Ular noqulay, ishonchsiz, ba’zan jiddiy nuqsonlarga ega. Masalan, Naruto: shovqinli, qishlog‘i tomonidan rad etilgan bola, tan olinishni istaydi. Yoki Evangelion’dagi Shinji Ikari, qo‘rquv va shubha bilan falajlangan. Bu qahramonlar odam bo‘lishning murakkab haqiqatlarini aks ettiradi.
Psixologiyada buni proyeksiya deyishadi — biz o‘zimizni qahramonlarda ko‘ramiz. Ammo anime chuqurroq his-tuyg‘ular berishi bilan boshqacha. Muxlislar qahramonlarni shunchaki tomosha qilmaydi; ular bilan birga yashaydi. Ular yig‘lasa, muxlislar ham yig‘laydi; ular g‘alaba qozonsa, muxlislar ham quvonadi.
Anime’da rivojlanish tez va tartibli emas, balki asta-sekin, tabiiy ravishda o‘nlab yoki yuzlab epizodlar davomida yuz beradi. Shu sababli, oxir-oqibat tomoshabinlar o‘zini tomoshabin emas, balki hamrohdek his qiladi.
Jamiyat va Hamjamiyat
Muhabbat yolg‘izlikda yashamaydi. Anime’ning sevilishining yana bir sababi — uning atrofida shakllanadigan hamjamiyatdir.
Anime muxlislari global. Ular konventsiyalar, onlayn forumlar, kospiley tadbirlari va striming platformalari orqali bog‘lanadi. Ularni faqat shoular emas, balki “anime muxlisi” bo‘lish hissi birlashtiradi. Ba’zilar, ayniqsa ijtimoiy jihatdan yakkalangan odamlar, anime hamjamiyatida o‘zini uydagidek his qiladi.
Masalan, cosplay tadbirlarini olaylik. Qahramon kiyimini kiyish shunchaki o‘yin emas — bu tan olish: “Bu qahramon mendan, men esa undanman.” Konventsiyalarda minglab odamlar o‘z qiyofasini anime orqali ifodalaydi, o‘zini bemalol nishonlaydi.
Bu hissiyot kuchli. Yolg‘izlik keng tarqalgan dunyoda, anime nafaqat hikoyalar, balki qabilalar yaratadi.
Qochishmi — yoki Oldinga intilish?
Tanqidchilar ba’zan anime’ni shunchaki qochish vositasi deb hisoblashadi. Ularning aytishicha, muxlislar shavqatsiz hayotdan qutulish uchun fantastik olamlarga qochishadi. Ha, buni inkor etib bo‘lmaydi. Ammo uni faqat qochish deb atash juda tor fikr.
Anime nafaqat qochish, balki oldinga intilish hamdir. U tomoshabinlarning hissiy lug‘atini boyitadi. Anime orqali odamlar hech qachon boshdan kechirmagan sevgi hikoyalarini, janglarni, va yo‘qotishlarni his qilishadi. Bu tajribalar haqiqatni almashtirmaydi; uni boyitadi.
Masalan, “One Piece”. Ha, u xazina izlayotgan qaroqchilar haqida. Ammo aslida u sadoqat, do‘stlik va imkonsiz to‘siqlarga qaramay orzular ortidan quvish haqida. Muxlislar uni hayotdan qochish uchun emas, balki hayotda ham mumkin bo‘lgan narsalarni eslash uchun tomosha qilishadi.
Shaxsiy Hikoyalar
- Mariya, 22 yosh, Braziliya: U tashvishlardan aziyat chekardi va his-tuyg‘ularini do‘stlariga ayta olmasdi. Fruits Basket’ni ko‘rib, his-tuyg‘ularini ifoda etishga so‘z topdi. “Go‘yo terapiya, lekin gapiradigan hayvonlar bilan” deydi.
- Amina, 18 yosh, Misr: Pandemiya davrida onlayn anime hamjamiyatiga qo‘shildi. U yerda butun dunyodan do‘stlar topdi, orzularini rag‘batlantiradigan odamlarni uchratdi. “Anime meni faqat ko‘ngilxush qilmadi, kelajagimni berdi”, deydi.
Madaniy Ahamiyati
Akademik nuqtai nazardan, anime — bu Yapon jamiyatining mahsuli, ammo global hodisaga aylangan madaniy artefaktdir. Olimlar anime’da Yapon estetikasini ko‘rishadi: sintoizm ruhlari, buddizmning o‘tkinchilik g‘oyasi (yo‘qotish va qayta tug‘ilish mavzulari).
Ammo u global auditoriyaga ham moslashadi. Masalan, “Attack on Titan” o‘nlab tillarda namoyish etiladi. Bu esa madaniy fikr almashuvini yaratadi: Yaponiya anime’ni eksport qiladi, dunyo uni qabul qiladi, keyin esa yapon ijodkorlari global ta’sirlarni singdiradi.
Nega bu muhim?
Demak, odamlar nega anime’ni yaxshi ko‘radi? Chunki u zamonaviy madaniyatda kamdan-kam uchraydigan narsani beradi: samimiyat. U hissiyotlarga hurmat bilan qaraydi, shoshilmaydi, ularni yashirmaydi. Nuqsonli odamlar ma’no topadigan va umidsizlikka qaramay davom etadigan hikoyalarni aytib beradi.
Anime trend emas, “oddiy multfilm” ham emas. U millionlab odamlarning qalbiga ta’sir qilgan vositadir, chunki u insoniyatning eng chuqur tuyg‘ulari — yolg‘izlik, sevgi, umid, yo‘qotish va tegishlilikni qamrab oladi.
Va balki shuning uchun anime shunchalik kuchli tuyuladi. Chunki u bo‘linib ketgan, tezkor dunyoda bizga shuni eslatadi: hikoyalar hali ham muhim. Qahramonlar bizga dars bera oladi. Go‘zallikni eng kutilmagan joylarda ham topish mumkin — hatto animatsiya kadrida ham.
Anime shunchaki tomosha qilinmaydi. Unda yashaladi.
Tarjimon: Dilshodjon Hamidullayev
Tahrirchi: Abdurahmon Anvarxo'jayev
Manbaa: Articles in English
