Evrilish

Zamon bilan birga o‘zingizni ham yangilang.

Mavzular

  • Iqtisod
  • Texnologiya
  • Biznes
  • Sog'liq
  • Falsafa
  • Siyosat
  • Tarix
  • Boshqa

Yozuvchilar

  • Studiya

Loyiha

  • Biz haqimizda
  • Bizning jamoa
  • Biz bilan bog'lanish

Ijtimoiy tarmoqlar

  • Telegram
  • Instagram
  • Youtube
  • Linkedin

© 2025 Evrilish. Barcha huquqlar himoyalangan.

Developed by Sodiq Tech

Biznes

29/08/2025

Muvaffaqiyatga erishgan va muvaffaqiyatsizlikka uchragan Kompaniyalar: tadbirkorlar uchun saboqlar

Ushbu maqola Buyuk Britaniyada faoliyat yuritgan va yirik muvaffaqiyatga erishgan yoki katta inqirozga uchragan kompaniyalar tarixini tahlil qiladi. Mazkur tadqiqotlar orqali ularning natijalariga ta’sir etgan asosiy omillarni ko‘rib chiqamiz hamda sizning tadbirkorlik safaringizda yordam beradigan saboqlarni chiqarib olamiz.

biznes

Muvaffaqiyat va muvaffaqiyatsizlikni o‘rganishning ahamiyati

Amaliy misollarga o‘tishdan oldin, nima uchun muvaffaqiyat va muvaffaqiyatsizlikni o‘rganish tadbirkorlar uchun muhim ekanini tushunib olish lozim. Harvard Business Review tadqiqotiga ko‘ra, muvaffaqiyat muhim saboqlar bersa-da, ko‘pincha muvaffaqiyatsizlik yanada kuchliroq xulosalarni taqdim etadi (Edmondson, 2011). Inqirozga uchragan yoki qiynalgan kompaniyalarning xatolarini tahlil qilish orqali tadbirkorlar xuddi shunday xatolardan qochishni va qiyinchiliklarni yengish strategiyalarini ishlab chiqishni o‘rganadilar.

Bundan tashqari, muvaffaqiyatli kompaniyalar yo‘lini o‘rganish barqaror o‘sish va foydaga erishishni istagan tadbirkorlar uchun ilhom va yo‘l-yo‘riq beradi. ScaleUp Institute hisobotida ta’kidlanishicha, Buyuk Britaniyada yillik o‘rtacha 20% yoki undan yuqori o‘sishga uch yil davomida erishgan 33 000 dan ortiq “scale-up” kompaniyalar mavjud (ScaleUp Institute, 2020). Bu bizneslarni rivojlantirgan omillarni o‘rganish orqali tadbirkorlar eng yaxshi amaliyotlarni aniqlab, ularni o‘z sharoitlariga moslashtirishlari mumkin.

1. Deliveroo – Qiyinchiliklar Qarshisida Innovatsiya

Deliveroo — Londonda asos solingan oziq-ovqat yetkazib berish kompaniyasi bo‘lib, Buyuk Britaniya va undan tashqarida keng tanilgan brendga aylandi. 2013-yilda Will Shu va Greg Orlowski tomonidan asos solingan kompaniya odamlarning sevimli restoranlaridan ovqat buyurtma qilish va olish tarzini tubdan o‘zgartirdi. Just Eat va Uber Eats kabi raqobatchilarga qaramay, Deliveroo tez o‘sib, bozorda yetakchi o‘rinni egalladi.

Deliveroo muvaffaqiyatining asosiy omillaridan biri — innovatsiyaga qaratilgan e’tibor bo‘ldi. Kompaniya texnologiyaga katta sarmoya kiritib, mijozlarga menyularni ko‘rish, buyurtma berish va yetkazib berishni real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi platforma yaratdi. Shuningdek, minglab restoranlar bilan hamkorlik qilib, ularga yangi mijozlarga yetib borish uchun vositalar taqdim etdi.

Yana bir muhim strategiya — mijozlarga yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatish. Tezkor va ishonchli yetkazib berish, shuningdek, yuqori sifatli xizmat Deliveroo’ga sodiq mijozlar va qayta-qayta buyurtmalar olib keldi. NPD Group tadqiqotiga ko‘ra, Deliveroo Buyuk Britaniyada oziq-ovqat yetkazib berish kompaniyalari ichida eng yuqori mijozlar qoniqqan kompaniya bo’ldi. (2019).

Shu bilan birga, kompaniya tanqidlar bilan ham yuzlashdi. Xususan, ko‘plab kuryerlar mustaqil shartnoma asosida ishlovchi sifatida ishlaganlari sababli kasallik, ta’tili yoki mehnat ta’tili kabi ijtimoiy kafolatlardan mahrum edilar. Kompaniya bunga javoban bepul sug‘urta va onlayn o‘quv kurslari orqali ularning sharoitlarini yaxshilashga harakat qildi.

2021-yilda Deliveroo yangi xizmat — Deliveroo Hop’ni yo‘lga qo‘ydi. U oziq-ovqat va uy-ro‘zg‘or buyumlarini tezkor yetkazib berishni ta’minlaydi. Bu kompaniyaning moslashuvchanligi va yangi imkoniyatlarni izlash qobiliyatini ko‘rsatadi.

Deliveroo’dan saboqlar:

  • Innovatsiyani qo’ldan boy bermang va texnologiyaga sarmoya kiriting.
  • Mijoz tajribasini ustuvor qiling.
  • Bozor va iste’molchilar ehtiyojiga moslashing.
  • Tanqidlarni inobatga olib, sharoitlarni yaxshilang.

2. Carillion – haddan tashqari kengayish va noto‘g‘ri boshqaruv xavfi

Deliveroo muvaffaqiyat ramzi bo‘lsa, 2018-yilda qulagan Carillion — bunign aksi. Carillion — qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritgan yirik multinatsional kompaniya bo‘lib, butun dunyo bo‘yicha 40 mingdan ortiq xodimga ega edi. Eng yuqori davrida yillik daromadi £5 milliarddan oshgan, HS2 tezkor temiryo‘l loyihasi kabi yirik ishlarda qatnashgan (The Guardian, 2018).

Biroq, 2018-yilda kompaniya £1,5 milliard qarz va £2,6 milliard pensiya taqchilligi bilan majburiy tugatilishga duch keldi. Bu voqea butun Britaniya biznes hamjamiyatiga kuchli zarba berdi va korporativ boshqaruv hamda davlatning xususiy kompaniyalarga tayanishi bo‘yicha savollarni tug‘dirdi.

Parlament tekshiruviga ko‘ra (House of Commons, 2018), asosiy sabablardan ba’zilari quyidagilar edi:

  • Agresiv buxgalteriya amaliyoti – daromadni erta, xarajatlarni esa kechiktirib ko‘rsatish.
  • Barqaror bo‘lmagan biznes modeli – juda past marjaga ega yirik shartnomalarni olish.
  • Haddan tashqari kengayish va qarz – yangi loyihalarni qarz hisobiga moliyalashtirish.
  • Korporativ boshqaruvdagi zaiflik – direktorlar kengashining yetarli nazorat qilmasligi.

Carillion qulashi nafaqat xodimlar va aksiyadorlarga, balki unga tayanib ishlagan ko‘plab kichik bizneslarga ham zarba berdi. Federation of Small Businesses hisobotiga ko‘ra, ko‘plab kichik firmalar katta moliyaviy yo‘qotishlarga uchradi (FSB, 2018).

Carillion’dan saboqlar:

  • Moliyaviy hisobotlarda shaffoflikni ta’minlang.
  • Haddan tashqari qarz yoki tez kengayishdan ehtiyot bo‘ling.
  • Barqaror biznes modelini tanlang.
  • Yaxshi korporativ boshqaruvni ustuvor qiling.


Xulosa

Deliveroo va Carillion tajribalari Britaniyada barqaror biznes qurishni istagan tadbirkorlar uchun muhim saboqlar beradi.

  • Innovatsiya va moslashuvchanlik — zamonaviy biznes muvaffaqiyatining kaliti.
  • Kuchli va samimiy brend mijozlarni jalb qiladi va sodiqlikni oshiradi.
  • Moliyaviy intizom va yaxshi boshqaruv — uzoq muddatli barqarorlik uchun shart.
  • Xodimlarning farovonligi va sog‘lom muhitni yaratish esa nafaqat ijtimoiy, balki biznes jihatdan ham muhim.

Tadbirkor sifatida, boshqalarning muvaffaqiyat va xatolaridan saboq olish — sizning eng katta ustunligingizdir.

Tarjimon: Umid Abdumuratov
Tahrirchi: Dilshodjon Hamidullayev
Manbaa: Stard Grow Improve