13/09/2025
Musiqaning kayfiyatga ta'siri.
Stressni kamaytirishdan tortib, shaxsiyatni aks ettirishgacha – musiqaning kayfiyatga ta’siri.

Musiqa kayfiyatga kuchli ta’sir ko‘rsatadi, chunki u nafaqat ong, balki tanaga ham ta’sir qiladi. Quvnoq kuylar ko‘pincha energiya va quvonchni oshiradi, sekinroq ohanglar esa odamni tinchlantiradi yoki o’yga solib qo'yadi. U stressni kamaytirib, kortizol darajasini tushirishi va miyadagi dopamin ajralishi orqali yoqimli hissiyotlarni kuchaytirishi mumkin. Ko‘pchilik musiqa orqali dam oladi, diqqatini jamlaydi yoki mashq paytida o‘zini rag‘batlantiradi. Bu esa musiqaning hissiyotlar va kundalik hayot bilan qanchalik chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Hissiyotlar va shaxsiy farqlar
Hissiyotlarni o‘rganishda neyro-tadqiqotlar odatda guruh bo‘yicha o‘rtacha natijalarga tayanadi va shaxslar orasidagi farqlarni “shovqin” sifatida ko‘radi. Ammo xulq-atvor tadqiqotlari bu farqlar aslida hissiyotlarni qayta ishlash jarayonining muhim qismi ekanini ko‘rsatadi.
Masalan, vaqtinchalik kayfiyat ham, barqaror shaxsiy xususiyatlar ham hissiyotni shakllantiradi, lekin bu farqlarning aniq mexanizmlari hali to‘liq tushunilmagan.
Shaxsiy xususiyatlarning ta’siri
Ekstravertlar ijobiy hissiyotlarga, nevrotik shaxslar esa salbiy hissiyotlarga ko‘proq ta’sirchan bo‘ladi. Ekstravertlar odatda yoqimli kayfiyatni boshdan kechiradi, nevrotiklar esa yoqimsiz kayfiyatni ko‘proq his qiladi.
Tajribalar shuni ko‘rsatadiki:
- Ekstraversiya ijobiy vaziyatlardan keyin kuchliroq ijobiy kayfiyat bilan bog‘liq;
- Nevrotizm esa salbiy vaziyatlardan keyin kuchliroq salbiy kayfiyat bilan bog‘liq.
Bu shaxsiyat nazariyasiga mos keladi: ekstraversiya — ijobiy hissiyotlarga moyillik, nevrotizm esa tashvish, g‘azab yoki tushkunlik kabi salbiy hissiyotlarga moyillik sifatida izohlanadi.
Miya faoliyati va shaxsiyat
Bu xususiyatlar miya faoliyatida ham aks etadi.
- Nevrotizm salbiy hissiyotlarga bog‘liq miya hududlarining kuchliroq faolligi bilan,
- Ekstraversiya esa mukofot va faoliyatga intilishga bog‘liq hududlarning faolligi bilan bog‘liq.
Masalan, ekstravertlarda xursand yuzlarga qaraganda kuchliroq faollik kuzatiladi.
E’tiqod va idrokdagi og‘ishlar
Shaxsiyat ham, kayfiyat ham hissiy baholashlarda og‘ish (bias) keltirib chiqarishi mumkin.
- Nevrotiklar o‘zlari haqida ko‘proq salbiy ma’lumot eslaydi.
- Ekstravertlar esa kelajakdagi ijobiy voqealarni ko‘proq ehtimoliy deb baholaydi.
Bu shaxsiyat ta’sirlari ko‘pincha kayfiyatdan mustaqil bo‘ladi. Shu bilan birga, kayfiyatning o‘zi ham idrokni og‘dirishi mumkin, ayniqsa kognitiv vazifalarda.
Masalan:
- Tushkun kayfiyat odamlarga neytral yuzlarda ko‘proq qayg‘u ko‘rsatadi va yoqimli narsalarni uncha yoqimli deb baholamaslikka olib keladi.
- Ijobiy kayfiyat esa buning teskarisini qiladi.
Tarjimon: Osiyo Kamolova
Tahrirchi: Umid Abdumuratov
Manbaa: ScienceDirect
