28/08/2025
Konfutsiy – “Ustoz Kong”
Kong Fuzi (“Ustoz Kong”), G‘arbda esa keyinchalik Konfutsiy nomi bilan mashhur bo‘lgan mutafakkir, Xitoy siyosiy tarixidagi burilish davrida yashagan.

Bu paytda san’at, adabiyot, va ayniqsa falsafa gullab-yashnadi. Natijada, “Yuzta fikr maktabi” paydo bo‘lib, unda turli g‘oyalar erkin muhokama qilinar edi.
Bu jarayonda yangi tabaqa – olimlar va mutafakkirlar sinfi yuzaga chiqdi. Ularning ko‘pchiligi zodagon oilalar saroylarida maslahatchi sifatida qadrlangan. Bu olimlarning g‘oyalari Xitoy jamiyatini tubdan o‘zgartira boshladi. Endi ular lavozimlarga nasl-nasabga qarab emas, balki iste’dod va bilimga qarab (merit – qobiliyat asosida) tayinlanar edi. Bu esa ilgari “Osmon mandati (Mandate of Heaven – hukmdorlikka Xudo tomonidan berilgan huquq)” bilan hukmronlik qilayotgan merosiy hukmdorlar uchun jiddiy tahdid bo‘ldi. Natijada turli hukmdorlar o‘rtasida Xitoy ustidan nazorat uchun kurash boshlandi. Bu davr keyinchalik Urushayotgan davlatlar davri nomi bilan mashhur bo‘ldi va kuchliroq boshqaruv tizimiga ehtiyoj tobora ravshan bo‘lib qoldi.
Konfutsiyning hayoti
Konfutsiy Xitoy tarixida ulkan o‘rin egallagan bo‘lsa-da, uning hayoti haqida ma’lumot ko‘p emas. Rivoyatlarga ko‘ra, u miloddan avvalgi 551-yilda Lu davlatidagi Qufu shahrida tug‘ilgan. Uning asl ismi Kong Qiu bo‘lib, keyinchalik “Kong Fuzi” unvoni berilgan. Oilasi obro‘li va moddiy jihatdan yaxshi yashagan. Biroq otasi vafot etgach, yosh Konfutsiy oilani boqish uchun xizmatkorlik qilgan, bo‘sh vaqtlarida esa o‘qib-o‘rganib, davlat xizmatiga kirishga intilgan.
U dastlab Zhou saroyida amaldor bo‘lib ishlagan, shu yerda davlat qanday boshqarilishi kerakligi haqidagi g‘oyalarini ishlab chiqqan. Lekin uning maslahatlariga quloq solinmaganidan keyin u lavozimidan ketgan. Keyingi yillarda u Xitoy bo‘ylab sayohat qilib, falsafa va boshqaruv haqidagi ta’limotlarini targ‘ib qilgan. Oxir-oqibat u Qufuga qaytib, miloddan avvalgi 479-yilda vafot etdi
“Yuksak odam” g‘oyasi
O‘rta oilaga mansub ko‘pchilik bilimli yoshlar kabi Konfutsiy ham davlat xizmatchisi sifatida faoliyat boshladi. Ana shu ish faoliyatida u hukmdor, vazirlar va oddiy xalq o‘rtasidagi munosabatlarni yaqindan kuzatib, siyosiy vaziyatni zaifligini his etdi. Shu bois u adolatli boshqaruvga asos bo‘la oladigan o‘z falsafiy tizimini yaratishga kirishdi.
Konfutsiyning axloqiy qarashlari Xitoy qadriyatlariga chuqur ildiz otgan bo‘lib, uning markazida sadoqat, burch va hurmat kabi qadriyatlar turardi. Bu qadriyatlarni u “junzi” (yuksak odam yoki “oqil inson”) timsolida gavdalantirgan. Junzi fazilatlari boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerak edi, va jamiyat a’zolari ana shu fazilatlarni o‘zlashtirishga intilishi lozim edi. Konfutsiyning nazarida inson tabiatan mukammal emas, ammo chin fazilat va ibrat orqali tarbiyalanishi mumkin. Xuddi shunday, jamiyat ham adolatli va mehribon boshqaruv orqali isloh qilinishi mumkin.
Uning falsafasining asosida o‘zaro munosabat (reciprocity – adolatli va saxovatli munosabat qarama-qarshi tomondan ham xuddi shunday javob oladi) yotadi. Yaxshi jamiyat bo‘lishi uchun hukmdor o‘zi xalqida ko‘rishni istagan fazilatlarning timsoli bo‘lishi kerak edi; buning evaziga xalq ham unga sadoqat va hurmat ko‘rsatib, shu fazilatlarni qabul qiladi.
Konfutsiyning ta’limotlari va hikmatlari “Analektlar” to‘plamida jamlangan. Unda u shunday deydi:
- “Agar sening istaging yaxshi bo‘lsa, xalq ham yaxshi bo‘ladi. Hukmdorning axloqi shamolga o‘xshaydi; xalqning axloqi esa o‘tga. Shamol esganda, o‘t egiladi.”
Biroq bu g‘oya amalda ishlashi uchun jamiyatda yangi tuzilma kerak edi – ya’ni qobiliyatli amaldorlarni ham joylashtiradigan, lekin shu bilan birga an’anaviy zodagon oilalarning mavqeini ham hurmat qiladigan ierarxiya. Konfutsiy bu tuzilmani oilaviy munosabatlarga o‘xshatib qurdi: hukmdorning mehribonligi va xalqning sadoqati – otaning mehribonligi va farzandning itoati o‘rtasidagi munosabatga tenglashtirildi. Xitoyda bu munosabat eng muhim qadriyat sanaladi.
Besh asosiy munosabat
Konfutsiyning fikricha, jamiyatni barqaror qiladigan besh doimiy munosabat mavjud:
1 .Hukmdor – xalq
2. Ota – o‘g‘il
3. Er – xotin
4. Katta aka – kichik aka
5. Do‘st – do‘st
Bu munosabatlarda nafaqat ijtimoiy mavqe (avlod, yosh va jins) muhim, balki ikki tomonlama burch ham asosiydir. Ya’ni kattalarning kichiklarga mas’uliyati, kichiklarning kattalarga sadoqati bilan teng ahamiyatga ega. Shu munosabatlar jamiyatni mustahkamlaydi va har bir avlod keyingisiga sadoqat va hurmat ko‘rsatadi.
Merosiy hokimiyatni asoslash
Konfutsiyning ierarxiyasining eng yuqorisida hukmdor turadi. Hukmdorning bu maqomi meros orqali beriladi – bu esa Konfutsiyning siyosiy qarashlarining konservativ (eski qadriyatlarni, an’analarni, mavjud tartiblarni saqlab qolishga intiladigan, yangiliklarga ehtiyotkorlik bilan qaraydigan odam yoki qarash.) tomonini ko‘rsatadi. Biroq Konfutsiy adolatsiz yoki nodon hukmdor jazosiz qolmasligi kerakligini ham ta’kidlagan – bunday hukmdorni xalq qo’zg’olon qilib hatto taxtdan ham tushirishi mumkin.
Eng muhim qismlaridan biri esa hukmdor bilan xalq o‘rtasida joylashgan olimlar edi. Ular vazir, maslahatchi va ma’mur sifatida hukmdorga ham, xalqqa ham sadoqat bilan xizmat qilishi lozim. Ular xalq va hukmdorlar orasida ko’prik vazifasini o’tar edi. Ularning mas’uliyati nihoyatda katta bo‘lgani uchun ular faqat eng bilimli va qobiliyatli odamlar orasidan tanlanishi kerak edi.
Konfutsiy shunday degan:
- “Yaxshi boshqaruv – hukmdorning hukmdor, vazirning vazir, otaning ota, va o‘g‘ilning o‘g‘il bo‘lishidadir.” ( hamma o’z ishini qilsin)
- “Davlatni boshqarishning mohiyati to‘g‘ri odamlardan foydalanishda. Bunday odamlarni esa hukmdor o‘z fazilati orqali topishi kerak. Fazilatni esa burchni ado etish orqali tarbiyalash kerak. Burch yo‘lida yurish esa mehribonlikni qadrlash orqali amalga oshadi.”
Vazirlarning vazifasi asosan maslahat berish edi. Ular nafaqat jamiyatni boshqarish va tuzilishini mukammal bilishi, balki tarix, siyosat va diplomatiyani ham chuqur o‘zlashtirgan bo‘lishi zarur edi. Chunki ular hukmdorga qo‘shnilar bilan ittifoq va urush masalalarida ham maslahat berishardi.
Yangi ma’murlar sinfi yana bir muhim vazifani bajarardi – ular hukmdorni despot (bu odilona emas, balki qo‘rqitish, majburlash, o‘z hukmini o‘tkazish orqali boshqaradigan odam) bo‘lib ketishdan saqlashardi. Ular yuqoriga sadoqat, pastdagilarga mehribonlik bilan munosabatda bo‘lishi kerak edi. Xuddi hukmdor kabi ular ham ibrat orqali boshqalarni ilhomlantirishi lozim edi.
Marosimlarning ahamiyati
Konfutsiyning ko‘plab asarlari xuddi odob-axloq qo‘llanmasiga o‘xshaydi: junzi ( yuksak odam ) turli vaziyatlarda qanday tutishi kerakligi batafsil ko‘rsatilgan. Lekin Konfutsiy marosimlar faqat tashqi ko‘rinish uchun, rasmiyatchilik yoki qog’ozbozlik uchun bo‘lib qolmasligi kerakligini ta’kidlagan. Marosimlar chuqur ma’naviy mazmunga ega bo‘lib, ishtirokchilar tomonidan samimiyat bilan bajarmasa, ular hech qanday ahamiyat kasb etmaydi.
Davlat xizmatchilari nafaqat fazilatli bo‘lishi, balki fazilatli ko‘rinishi ham kerak edi. Shu sababli Konfutsiy marosim va urf-odatlarga katta e’tibor bergan. Bu marosimlar jamiyatdagi har bir kishining o‘rnini ko‘rsatib turardi va bu Konfutsiyning konservativ(eski qadriyatlarni, an’analarni, mavjud tartiblarni saqlab qolishga intiladigan, yangiliklarga ehtiyotkorlik bilan qaraydigan odam yoki qarash.) qarashlarini yaqqol ifodalaydi.
Marosimlar odamlar yuqoridagilarga sadoqatini, pastdagilarga esa mehribonligini namoyon etardi. Konfutsiyga ko‘ra, marosimlar jamiyatning barcha qatlamlarida – qirollik saroyidagi rasmiy marosimlardan tortib oddiy kundalik muomalagacha – qo‘llanilishi kerak edi. Faqatgina samimiy va chin fazilat shu yo‘l bilan ko‘rinib turgandagina ibrat orqali boshqaruv ishlashi mumkin edi. Shuning uchun u samimiyat va halollikni, sadoqatdan keyin, eng muhim fazilatlar deb bilardi.
Konfutsiy shunday degan:
- “Yuksak inson odamlarga ularning tabiati va holatiga qarab ish beradi. Ular noto‘g‘ri yo‘lni tark etgan zahoti, u ham to‘xtaydi.”
Ko‘plab marosimlar diniy rasm-rusumlarga asoslangan bo‘lsa-da, Konfutsiy uchun diniy tomon muhim emas edi. Uning falsafasi din emas, axloqqa tayanardi. Siyosiy tizimi ham jamiyatda dinning o‘rnini tan olgan, xolos.
Aslida esa, merosiy hukmdorlikni ilohiy asos bilan emas, balki fazilat va qobiliyatga asoslangan ijtimoiy tuzilma bilan uyg‘unlashtirgani Konfutsiyning eng radikal qarashlaridan biri edi. Jamiyat qat’iy ierarxiya asosida bo‘lishi kerak, lekin bu harakatsiz qolmaydi: yaxshi xulq va bilim egasi bo‘lgan kishi oilasi kim bo‘lishidan qat’i nazar, yuqoriga ko‘tarilishi mumkin. Aksincha, fazilat ko‘rsatmagan odam, hatto eng zodagon oiladan bo‘lsa ham, lavozimidan chetlashtirilishi mumkin edi. Bu prinsip hatto hukmdorga ham tatbiq etilardi. Despotz(bu odilona emas, balki qo‘rqitish, majburlash, o‘z hukmini o‘tkazish orqali boshqaradigan odam) hukmdorni o‘ldirish, Konfutsiyning nazarida, qonuniy hukmdorni o‘ldirish emas, balki zolimni olib tashlash edi.
Uning fikricha, bunday moslashuvchan ierarxiya odamlarning haqiqiy hurmatini uyg‘otadi, bu esa siyosiy rozilikni ta’minlaydi. Bu esa kuchli va barqaror davlatning asosi edi.
Jinoyat va jazolar
Konfutsiyning axloqiy falsafasi huquq va jazoga ham taalluqli edi. Ilgari qonunlar diniy qoidalar asosida belgilangan bo‘lsa, u buni insonparvarroq yondashuv bilan almashtirishni taklif qildi.
Uning asosiy tamoyili hamon o‘zaro munosabat edi: hurmat ko‘rsatsang – hurmat olasan. Konfutsiy **“oltin qoida”**ni sal boshqacha ifodalagan:
- “O‘zing uchun istamagan narsani boshqalarga qilma.”
Bu yondashuv jinoyatni jazolashdan ko‘ra, noto‘g‘ri xatti-harakatni oldini olishga qaratilgan edi.
Konfutsiy qattiq qonun va jazolardan ko‘ra uyat hissini shakllantirishni afzal ko‘rdi. Insonlar qonun va jazodan qo‘rqib jinoyatdan tiyilishi mumkin, ammo bu ularni chin ma’noda yaxshilikka o‘rgatmaydi. Agar ular fazilatli ibrat orqali yo‘naltirilsa, hurmat orqali tiyilsa, ular uyat hissini sezib, chinakam yaxshi odamlarga aylanishadi.
U shunday degan:
- “Kimdir sendan yaxshiroq bo‘lsa, o‘zingni unga tenglashga harakat qil. Kimdir sendan yomonroq bo‘lsa, o‘zingni tekshir.”
Qabul qilinmagan g‘oyalar
Konfutsiy insoniyatning tabiatan yaxshi va ijtimoiy mavjudot ekanini qat’iy ierarxiya va marosimlar bilan uyg‘unlashtirishga harakat qildi. Shubhasiz, sud amaldori sifatida u yangi olimlar sinfiga katta o‘rin ajratdi.
Biroq uning g‘oyalari o‘z davrida qabul qilinmadi. Zodagonlar uning ilohiy huquqni inkor etishidan norozi bo‘ldi, chunki bu ularning hukmronligini xavf ostiga qo‘yardi. Ular, shuningdek, xalqni ibrat orqali boshqarish mumkinligiga ishonmadi va qonun hamda jazo huquqidan voz kechishni istamadilar.
Keyingi mutafakkirlar ham Konfutsiyga tanqid bilan qarashdi. Masalan, Mozi (Konfutsiyning vafotidan keyin tug‘ilgan faylasuf) uning meritokratiya va ibrat orqali boshqarish g‘oyalariga qo‘shildi, lekin oilaviy munosabatlarga urg‘u berishi nepotizm va qarindoshlikni kuchaytiradi deb hisoblagan. Shu davrda yashagan Sun Tzu kabi harbiy nazariyotchilar esa Konfutsiyning axloqiy falsafasini samarasiz deb bilib, davlatni himoya qilish uchun qat’iy va hatto shafqatsiz boshqaruvni tavsiya qildi.
Shunga qaramay, Konfutsiy g‘oyalari asta-sekin Xitoy jamiyatiga singib bordi. Ularni mashhur qilganlardan biri – Mencius (mil.avv. 372–289). Mil.avv. 2-asrda, Han sulolasi davrida tinchlik qaytgach, Konfutsiy falsafasi davlatning rasmiy mafkurasiga aylandi.
605-yildan boshlab joriy qilingan davlat imtihonlari Konfutsiy matnlariga asoslangan edi. Bu tizim hatto XX asr va Xitoy Respublikasining tuzilishigacha davom etdi.
Hozirgi kunda ham Konfutsiy ta’limotlari Xitoydan butunlay yo‘qolmagan. Kommunistik davrda ham jamiyat tuzilishiga nozik ta’sir ko‘rsatib keldi. Bugun esa, ayniqsa ota-onaga hurmat (filial sadoqat) va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarga oid qarashlari Xitoy hayot tarzida chuqur ildiz otgan. Mamlakat maoizm davridan aralash iqtisodiyot sari o‘tayotgan bir paytda, Konfutsiyning g‘oyalari yana jiddiy e’tiborga olinmoqda.
Tarjimon: Abdurahmon Anvarxo'jayev
Tahrirchi: Dilshodjon Hamidullayev
Manbaa: The politics book
