Evrilish

Zamon bilan birga o‘zingizni ham yangilang.

Mavzular

  • Iqtisod
  • Texnologiya
  • Biznes
  • Sog'liq
  • Falsafa
  • Siyosat
  • Tarix
  • Boshqa

Yozuvchilar

  • Studiya

Loyiha

  • Biz haqimizda
  • Bizning jamoa
  • Biz bilan bog'lanish

Ijtimoiy tarmoqlar

  • Telegram
  • Instagram
  • Youtube
  • Linkedin

© 2025 Evrilish. Barcha huquqlar himoyalangan.

Developed by Sodiq Tech

Iqtisod

18/08/2025

Bozor iqtisodiyoti nima?

Bozor iqtisodiyoti — bu iqtisodiy tizim bo‘lib, unda resurslarning aksariyati davlatga emas, balki yakka shaxslarga tegishli bo‘ladi. Bunga yer, ishchi kuchi va investitsiya kiradi. Bozor iqtisodiyotida bu resurslarning foydalanilishi va narxi bozor sharoitida erkin kelishuvlar orqali belgilanadi. Bozor iqtisodiyoti tarafdorlari bunday tizim misli ko’rilmagan iqtisodiy rivojlanish va o‘sishga olib kelganini ta’kidlaydi. Tanqidchilar esa bozor iqtisodiyoti zaif qatlamlarning manfa’atlarini cheklashi va tengsizlikka olib kelishi mumkinligini aytadi.

bozor iqtisodiyoti

Bozor iqtisodiyoti qanday ishlaydi?

Bozor iqtisodiyotida resurslarning aksariyati xususiy shaxslar, kompaniyalar va korporatsiyalarga tegishli bo‘ladi. Yakka shaxslar o‘z qarorlari orqali talab va taklif jarayoniga hissa qo‘shadi, bu esa narxlarni belgilaydi hamda tovar va xizmatlarning ishlab chiqarilishi va ulardan foydalanishni yo‘naltiradi.

Xususiy mulk tushunchasi bozor iqtisodiyotida uchun muhim, chunki u egalariga o‘z tovarlarini sotish huquqini beradi. Raqobat ham muhim omil bo‘lib, u talab va taklifga ta’sir qiladi.

Bozor iqtisodiyotiga zid tizim — bu buyruqbozlik iqtisodiyoti bo‘lib, unda markaziy hukumat (yoki hatto bitta hukmdor) qancha tovar ishlab chiqarilishi va qancha xizmat ko‘rsatilishini belgilaydi. Narxlar ham markaziy hukumat tomonidan belgilanadi. Bozor iqtisodiyotlarida esa davlat kabi markaziy boshqaruv organlari narxlar va ishlab chiqarishni bevosita nazorat qilmaydi; bu tizim erkin va ixtiyoriy almashinuvga asoslanadi.

Bozor iqtisodiyotlari kapitalizmning bir ko‘rinishi bo‘lib, bunda ishlab chiqarish vositalari xususiy shaxslar yoki subyektlarga tegishli bo‘ladi. Aksincha, buyruqbozlik iqtisodiyotlari sotsializm va kommunizm bilan bog‘liq bo‘lib, ishlab chiqarish vositalari jamoa mulkida bo‘ladi.

Bozor iqtisodiyotining xususiyatlari

Yaxshi ishlaydigan bozor iqtisodiyoti bir nechta iqtisodiy institutlar, huquqlar, erkinliklar va odatlar (an’analar)ga tayanadi.

Xususiy mulk

Bozor iqtisodiyotida aksariyat tovarlar va xizmatlar xususiy mulkka tegishli bo‘ladi. Mulk egalari o‘z mulklarini, mahsulotlarini yoki xizmatlarini sotish yoki ijaraga berish orqali foyda olishi mumkin.

Tanlov erkinligi

Mulk egalari raqobatbardosh bozor sharoitida tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish, sotish hamda xarid qilishda erkindirlar. Biroq ular nazorat qila olmaydigan ikki omil mavjud:

1. xaridor ular belgilagan narxni to‘lashga tayyor bo‘lishi kerak;

2. ularning kapital miqdori mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqarish hamda sotish xarajatlari va sotish mumkin bo‘lgan narx bilan belgilanadi.

Shaxsiy manfaat motivi

Shaxsiy manfaat muvaffaqiyatli bozor iqtisodiyotining asosiy omillaridan biridir. Ko‘pchilik bizneslar ularni boshlagan odamlarning manfaatlari yo‘lida yaratilgan. Bozor iqtisodiyoti imkoniyat yaratadi, odamlarga o‘zlari uchun ishlash imkonini beradi va ularni o‘zlari xohlagan tarzda tirikchilik topishga harakat qilishga yo‘l ochadi.

Izoh: Bozor iqtisodiyotida sotuvchilar o‘z mahsulotlarini eng yuqori narx taklif qiluvchiga sotishga, o‘z xaridlarida esa eng past narxni kelishib olishga intiladilar. Ularning maqsadi shaxsiy manfaat bo‘lsa-da, bu uzoq muddatda umumiy iqtisodiyotga foyda keltiradi. Bu tizim har qanday vaqtda taklif va talabning haqiqiy holatini aks ettiradigan narxlarni shakllantiradi.

Raqobat

Raqobat bosimi narxlarni past darajada ushlab turuvchi kuch hisoblanadi. Bu, shuningdek, jamiyatning tovar va xizmatlarni yanada samarali taqdim etishini ta’minlaydi.

Ma’lum bir mahsulotga talab oshishi bilanoq, talab qonuniga ko‘ra narxlar ham oshadi. Raqobatchilar shu mahsulotni ishlab chiqarish orqali foydani oshirish imkoniyatini ko‘radilar va taklif ortadi. Bu esa narxlarni shunday darajaga tushiradiki, faqat eng yaxshi raqobatchilar faoliyatini davom ettira oladi.

Raqobat bosimi ishchi kuchi va iste’molchilarga ham taalluqlidir. Xodimlar eng yuqori maoshli ish o‘rinlari uchun bir-biri bilan bellashadilar, xaridorlar esa eng sifatli mahsulotni eng past narxda olish uchun raqobatlashadilar.

Cheklangan hukumat

Bozor iqtisodiyotida ham hukumatning o‘z o‘rni mavjud. U bozorlarning ochiq, ishlayotgan, barqaror, adolatli va xavfsiz bo‘lishini ta’minlaydi.

Masalan, ko‘plab hukumatlar mahsulotlarning foydalanish va iste’mol uchun xavfsizligini ta’minlash hamda bizneslar iste’molchilardan suiiste’mol qilmasligini oldini olish uchun tartibga soluvchi agentliklar yaratadi.

Izoh: Hukumatning tartibga solish choralari hamma odamlar bozorga va ma’lumotlarga teng kirish imkoniyatiga ega bo‘lishini hamda bozor manipulyatsiyalardan holi bo‘lishini ta’minlashi mumkin. Hukumat bozorning juda katta ulushini egallab olgan, monopol deb ataladigan kompaniyalarga jarima qo‘llashi mumkin.

Bozor iqtisodiyotining afzalliklari va kamchiliklari

Yaxshi tomonlari

  • Iste’molchilar (odamlar) va bizneslar (korxonalar) bozor talabini va taklifini boshqaradi.
  • Bozor iqtisodiyotida talab va taklif erkin ishlaydi, shuning uchun eng ko‘p xohlangan mahsulotlar va xizmatlar ishlab chiqariladi.
  • Odamlar o‘zlariga eng kerak bo‘lgan narsalar uchun eng yuqori narxni to‘lashga tayyor bo‘lishadi.
  • Bizneslar esa foyda keltiradigan mahsulot va xizmatlarni taklif qilishga intiladi.

Raqobat samaradorlikni oshiradi

  • Mahsulot va xizmatlar tejamkor va sifatli ishlab chiqariladi. Eng unumli ishlaydigan kompaniyalar boshqalariga qaraganda ko‘proq daromad topadi.

Yangilik (innovatsiya) foyda bilan rag‘batlantiriladi.

  • Yaratilgan yangi mahsulotlar iste’molchilarning ehtiyojini mavjud narsalardan ham yaxshiroq qondiradi. Bu ilg‘or texnologiyalar boshqa raqobatchilarga ham tarqaladi va ular ham foydali bo‘lishadi.

Bizneslar bir-biriga sarmoya kiritadi.

  • Muvaffaqiyatli korxonalar boshqa kompaniyalarga investitsiya qiladi, bu esa ularga ham muvaffaqiyat qozonishga yordam beradi. Natijada ishlab chiqarish sifati oshadi.

Yomon tomonlari

Raqobat adolatsiz bo‘lishi va samarasizlik keltirishi mumkin

  • Bozor iqtisodiyotining asosiy mexanizmi — bu raqobat. Natijada, raqobatda yutqazayotganlarga yordam beradigan tizim mavjud emas. Bunga ishlashga imkon bermaydigan jismoniy yoki ruhiy nogironligi bor odamlar, bolalar va qariyalar kiradi.

Hamma ham o‘z imkoniyatlarini to‘liq amalga oshirolmaydi

  • Jamiyatdagi inson resurslari to‘liq ishlatilmasligi mumkin. Masalan, kam daromadli oilalarda bolalar oilaga yordam berish uchun past maoshli ishlarda ishlashadi. Agar bozor iqtisodiyoti faqat shaxsiy manfaatdan ko‘ra rivojlanishga e’tibor qaratganida, bu bolalarga ko‘proq o‘qish va kelajak kasbini tanlash imkoniyati berilishi mumkin edi.

Tengsizlikni keltirib chiqarishi va kuchaytirishi mumkin

  • Jamiyatda bozor iqtisodiyotida “yutganlar”ning qadriyatlari ustun bo‘ladi. Masalan, ayrimlar uchun xususiy samolyotlar ishlab chiqarilishi mumkin, boshqa odamlar esa oziq-ovqatsiz yoki uysiz qoladi. Sof bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyat o‘zidagi himoyaga muhtoj odamlarga qanday yordam berishini yoki umuman yordam berishini hal qilishi kerak bo‘ladi.

Tarjimon: Dilshodjon Hamidullayev
Tahrirchi: Umid Abdumuratov
Manbaa: the balance