08/09/2025
Avlodlar o‘zgarishi va iste’molchilarning o‘zgarayotgan talablari.
Yangi avlodlar, yangi qadriyatlar: global bozorni kimlar va qanday yo‘naltirmoqda?

Demografiya
Avlodlar o‘zgarishi va o‘sib borayotgan o‘rta sinf
Biz global iqtisodiyotga ta’sir ko‘rsatayotgan uzoq muddatli o‘zgarishlardan foyda olayotgan kompaniyalarga sarmoya kiritamiz: demografiya, atrof-muhit, texnologiya va boshqaruv. Demografik o‘zgarishlarga rivojlanayotgan bozorlarda o‘rta sinfning ko‘payishi, aholining qarishi, shaharsozlikning kuchayishi va turmush tarzining o‘zgarishi kiradi. Bularning barchasi kelgusi o‘n yilliklarda sog‘liqni saqlash, iste’mol mahsulotlari va moliya kabi sohalarga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
Global iqtisodiyotning asosiy qismlari sezilarli o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda, chunki avlodlar almashinuvi iste’molchilarning afzalliklarini o‘zgartirmoqda. Texnologik yutuqlar va qadriyatlarning rivojlanishi iste’molchilarning mahsulot va xizmatlardan foydalanish tarzini ham, ularning tanlovlarini ham o‘zgartirmoqda. Demografik o‘zgarishlar – xususan, rivojlanayotgan mamlakatlarda o‘sib borayotgan o‘rta sinf paydo bo‘lishi – va avlodlar o‘zgarishi – masalan, katta miqdordagi boylikning avloddan-avlodga o‘tishi – iste’molchilarning afzalliklari va xarid qilish odatlariga yanada kuchli ta’sir qilmoqda. Ushbu jarayonlarni tushunish – tez o‘zgarayotgan iqtisodiy muhitda moslashib, rivojlanishni istagan korxonalar uchun muhim ahamiyatga ega.
2045-yilga kelib, 84 trillion dollardan ortiq aktivlar Millennial va Z avlodiga meros qilib o‘tishi kutilmoqda, bu esa tarixdagi eng katta boylik ko‘chishi bo‘ladi.
2030-yilga borib, global o‘rta sinf soni 4,8 milliard kishiga yetishi prognoz qilinmoqda. Bu esa 1,3 milliard kishilik o‘sish va ulkan xarid qobiliyatining ortishini anglatadi.
Bu demografik o‘zgarishlar faqat boylik haqida emas; iste’molchilarning afzalliklari ham o‘zgarib bormoqda. Ayniqsa, Millennials (1980–1995 yillarda tug‘ilganlar) va Z avlodi (1996–2012 yillarda tug‘ilganlar) sog‘liq va farovonlikni ustuvor qo‘yishmoqda, xaridlarida qiymat izlashmoqda va elektron tijoratni afzal ko‘rishmoqda.
Ushbu avlodlarning iste’mol kelajagi texnologiyadagi yutuqlar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalarning o‘sishi orqali yanada shakllanmoqda. Yosh avlodlar tendensiyalarga kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Har bir avlod iste’molchi sifatida faol bo‘lish jarayoniga kirar ekan, kompaniyalar ularning talablariga moslashishi kerak bo‘ladi. Iste’molchilarning afzalliklaridagi bu yirik o‘zgarishlarni tushunish – o‘zgarib borayotgan iqtisodiy muhitda raqobatbardosh bo‘lib qolish uchun zarurdir.
Sarmoya imkoniyatlari
Taxminan global aholi sonining uchdan ikki qismi rivojlanayotgan bozorlarda yashaydi va u yerdagi o‘rta sinf keyingi o‘n yil ichida ikki barobarga ko‘payishi kutilmoqda. 2024-yildagi 354 million o‘rta sinf uy xo‘jaliklari soni 2034-yilga borib 687 millionga yetishi prognoz qilinmoqda, bu esa xarid qobiliyatining sezilarli darajada ortishiga olib keladi. Rivojlanayotgan bozorlar iste’mol mahsulotlari kompaniyalari uchun jiddiy o‘sish manbai bo‘lib, kelajakdagi kengayishning asosiy yo‘nalishiga aylanmoqda. Ikki yirik bozor – Hindiston va Xitoy – global o‘rta sinfning eng katta hissa qo‘shuvchi mamlakatlari bo‘lishi kutilmoqda. Mahalliy ehtiyojlarni hisobga olgan holda mahsulot va xizmatlar taklif qiladigan kompaniyalar ushbu kengayib borayotgan bozorlardan keladigan imkoniyatlarni qo‘lga kiritishi ehtimoli yuqoriroq.
Keyingi o‘n yillikda ro‘y beradigan ulkan avlodlararo boylik ko‘chishi ham Millennials va Z avlodi uchun iste’mol xarid qobiliyatini oshiradi. Ular yangi boylikka ega bo‘lar ekan, nafaqat qancha iste’mol qilishlari, balki nimani va qanday qilib iste’mol qilishlari ham o‘zgaradi.
Yangi, yosh iste’molchiga yoqish uchun kompaniyalar ularning tendensiyalari va afzalliklarini tushunishi zarur. Ijtimoiy tarmoqlar yosh avlodlarga yetib borishda tobora muhim vositaga aylanmoqda. Masalan, ijtimoiy tarmoq ta’sirchilari (influencerlar) va interaktiv hamda ko‘ngilochar qisqa videolarga asoslangan kampaniyalar an’anaviy reklama kabi ko‘rinmaydi va yoshlar orasida ancha samarali natija beradi.
Xitoy va Hindistonning rivojlanayotgan bozor iste’molchilar sinfidagi ulushi

Shuningdek, sog‘liq va farovonlikka qaratilgan e’tibor ham ortib bormoqda, chunki butun dunyo bo‘ylab iste’molchilar sog‘lom turmush tarzini ustuvor qo‘yishmoqda. Sport bilan bog‘liq turmush tarzi kiyim-kechakda casualization (kundalik kiyimning qulaylashuvi) va athleisure (sport uslubidagi qulay kiyim) tendensiyalarini kuchaytirmoqda. 400 milliard dollarlik global sport kiyim bozori oxirgi o‘n yillikdagi eng tez o‘sayotgan iste’molchi bozorlaridan biri bo‘ldi va keyingi o‘n yillikda ham yiliga 4% o‘sish sur’ati bilan o‘sishi kutilmoqda. E’tiborlisi, rivojlanayotgan bozorlarda sog‘liq va farovonlik uchun xarajatlar rivojlangan mamlakatlardagidan ham tezroq o‘smoqda.
Elektron tijorat bozori hajmi va 2024–2034-yillar prognozi

Tijoratning raqamlashtirilishi ham elektron tijoratning o‘sishini tezlashtirmoqda. Internetga ulanish va undan foydalanish global miqyosda kengayib borar ekan, elektron tijorat kompaniyalar uchun ayniqsa muhim bo‘lib bormoqda. Raqamli bozorlardagi o‘sish iste’molchilarning brendlar bilan muloqot qilish usulini o‘zgartirdi va ularga qulayroq imkoniyatlar yaratdi. Internetga kirish imkoniyati, smartfonlardan foydalanish va raqamli to‘lov xizmatlarining rivojlanishi tufayli rivojlanayotgan mamlakatlar kompaniyalar uchun yanada jozibador bo‘lib bormoqda. O‘sib borayotgan o‘rta sinf esa dunyo bo‘ylab elektron tijorat o‘sishining asosiy omilidir.
Asosiy omillar
E-COMMERCE (Elektron tijorat):
Global internetdan foydalanish kengayib borar ekan, elektron tijorat tez sur’atlar bilan o‘smoqda. Ayniqsa, qulaylik va raqamli muloqotni qadrlaydigan yosh iste’molchilar orasida bu jarayon kuchli sezilmoqda.
eBay – dunyodagi eng yirik elektron tijorat bozorlaridan biri bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab xaridorlar va sotuvchilarni bog‘laydi. U 190 dan ortiq bozorda faoliyat yuritadi va savdolarining qariyb 50 foizi AQSh tashqarisida amalga oshiriladi. eBay iste’molchi-iste’molchi platformasi sifatida mahsulotlarning qayta ishlatilishini rag‘batlantiradi va shu orqali yanada barqaror iste’mol uslubini qo‘llab-quvvatlaydi.
Shopify – AQSh elektron tijorat bozorida 12% ulushga ega (Amazon’dan keyin ikkinchi o‘rinda). U Yevropa va Yaponiyada ham tez sur’atlarda o‘sib bormoqda. Ko‘p kanalli tijorat platformasi sifatida Shopify tadbirkorlarga raqamli biznesni boshlash va mahsulotlarni global darajada sotish uchun qulay vositalar taqdim etadi. Shopify’ning Shop Pay raqamli to‘lov ilovasi ayniqsa Z avlodi va Millennials iste’molchilariga jozibador bo‘lib, uning qabul qilinishi tobora ortib bormoqda.
CONSUMER STAPLES (Asosiy iste’mol tovarlari):
Rivojlanayotgan bozorlarda iste’molchilar bazasining o‘sishi va xarid qobiliyatining ortishi shuni anglatadiki, kompaniyalar turli bozorlarda keng ko‘lamli iste’molchilarga yetib borish uchun turli narx darajalaridagi mahsulotlarni taklif qilishi kerak.
Colgate – o‘z savdolarining qariyb yarmiga rivojlanayotgan bozorlardan ega. Uning diversifikatsiyalangan mahsulot portfeli barcha iste’molchilarga yetib borishi uchun turli narx toifalarini taqdim etadi, shuningdek, mahsulotlarni yanada ko‘proq odamlar uchun ochiq qilish dasturlari mavjud.
Unilever – shaxsiy parvarish, uy tozalash, oziq-ovqat va ichimliklar kabi keng qamrovli mahsulotlarni taklif etadigan yetakchi ko‘p millatli korporatsiya. Savdolarining 60 foizi rivojlanayotgan bozorlardan keladi. Unilever elektron tijoratga sarmoya kiritib, o‘z qamrovini kengaytirmoqda, shuningdek, barqarorlikka bo‘lgan kuchli sadoqati ekologik ongli xaridorlarni o‘ziga jalb qilib, bozor mavqeini mustahkamlamoqda.
L'Oréal – global kosmetika bozorida 15% ulushga ega yetakchi kompaniya. U keng ko‘lamli mahsulotlarni – ommaviy bozordan tortib hashamatli brendlargacha – taklif etadi, bu esa unga turli narx toifalari va demografik guruhlardagi iste’molchilarga murojaat qilish imkonini beradi. L'Oréal tez o‘sib borayotgan Xitoy va Hindiston kabi bozorlarida go‘zallik mahsulotlariga bo‘lgan talabdan foydalanish uchun yaxshi pozitsiyaga ega.
HEALTH & WELLNESS (Sog‘liq va farovonlik):
Yosh avlod sog‘liqqa ko‘proq e’tibor qaratmoqda va sog‘liqni saqlash hamda barqarorlikni ta’kidlaydigan brendlarga qiziqmoqda. Natijada, “toza ovqatlanish” va “mas’uliyatli iste’mol” kabi tushunchalar tor doiradagi odatlardan chiqib, keng jamoatchilik tomonidan qabul qilina boshladi. Bu esa brendlarga sodiqlikni oshirmoqda va sog‘liqka yo‘naltirilgan kompaniyalarga sarmoya kiritish imkoniyatlarini yaratmoqda.
Symrise – oziq-ovqat va ichimliklar, parfyumeriya, kosmetika va farmatsevtika uchun xushbo‘y hid va ta’m beruvchi ingredientlarning yetakchi global yetkazib beruvchisi. Xomashyoning taxminan 90 foizini tabiiy manbalardan oladi (bu ko‘rsatkich sanoat o‘rtacha darajasidan – 60% – ancha yuqori). Bu esa sog‘lom va barqaror mahsulotlarga bo‘lgan o‘sib borayotgan talabni qondiradi. Symrise’ning integratsiyalashgan ta’minot zanjiri sifat nazoratini va kuzatuvchanlikni kuchaytiradi.
EssilorLuxottica – ko‘zoynak va ko‘z salomatligi sohasida global yetakchi kompaniya bo‘lib, ko‘rish qobiliyatini to‘g‘rilash haqida xabardorlikni oshirish va innovatsiyani rivojlantirishga e’tibor qaratadi. Daromadlarning ortishi bilan ko‘proq iste’molchilar ko‘z salomatligiga sarmoya kiritishi mumkin. Kompaniyaning vertikal integratsiyalashgan modeli global talabni barcha bozor segmentlarida qondirish imkonini beradi. Strategik sarmoyalar va innovatsion xaridlar unga sog‘lom turmush tarziga qiziqqan keng doiradagi iste’molchilar ehtiyojini qondirish imkonini beradi.
Xatarlarni boshqarish va mas’uliyatli amaliyotlar
Ijtimoiy tarmoqlarning o‘sishi bilan brendlar yanada kuchli kuzatuv ostida qolmoqda va ular o‘z obro‘sini ehtiyotkorlik bilan boshqarishi lozim. Chunki zamonaviy ongli iste’molchilar bilan uyg‘unlashish uchun bu juda muhim. Iste’molchilar boykotlari kompaniyalarni o‘z reklamasi yoki ishlab chiqarish amaliyotlari uchun javobgarlikka tortish vositasi sifatida paydo bo‘ldi. Shuning uchun iste’molchilar bazasini chuqur tushunish kompaniya muvaffaqiyatida hech qachon hozirgidek muhim bo‘lmagan.
Yosh iste’molchilar tobora ko‘proq barqaror mahsulotlar va mas’uliyatli iste’molni afzal ko‘rishmoqda. Shu sababli kompaniyalar mas’uliyatli amaliyotlarni qabul qilishi va targ‘ib qilishi zarur. Barqaror amaliyotlar, shuningdek, kompaniyalarga o‘z qiymat zanjirlarida xatar va mojarolarni kamaytirish, uzoq muddatli moliyaviy qiymat yaratishni qo‘llab-quvvatlash uchun muhimdir.
Qadoqlash va mahsulotlarda qayta ishlangan va barqaror materiallardan foydalanishni oshirish, suv iste’moli va ifloslanishni kamaytirish, adolatli savdo sharoitlarini ta’minlash kabi amaliyotlar kompaniyalarga “barqarorlik mukofoti” olib kelishi mumkin. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, iste’molchilar o‘rtacha 9,7% ko‘proq pul to‘lashga tayyor, agar mahsulot barqaror ishlab chiqarilgan yoki manbadan olingan bo‘lsa – hatto yashash xarajatlari va inflyatsiya bosimi oshayotgan bo‘lsa ham.
O‘sib borayotgan talabni qondirish uchun kompaniyalar uzoq muddatli resurslardan foydalanish imkoniyatini ta’minlashi zarur. Masalan, elektron tijorat kompaniyalari ma’lumot markazlari uchun doimiy elektr energiyasi va suv ta’minotiga muhtoj bo‘lib, ular suv taqchilligi yuqori bo‘lgan hududlarda ko‘proq xavf ostida qoladi. Xuddi shuningdek, iste’mol tovarlari kompaniyalari paxta va palma yog‘i kabi xomashyo manbalarini diqqat bilan tanlashi kerak, aks holda obro‘, operatsion va moliyaviy muammolarga duch kelishi mumkin.
Tarjimon: Umid Abdumuratov
Tahrirchi: Dilshodjon Hamidullayev
Manbaa: NATIXIS
